Chop etish

2021-yilning 27-aprel kuni O‘zbekiston Milliy Axborot agentiligining rasmiy saytida “Kim haq: Auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkormi yohud binosi savdoga qo‘yilgan mulkdormi?” sarlavha ostida maqola joylashtirilgan. Tahliliy-tanqidiy maqolada Norin tumani, Haqqulobod shahri, Ulug‘bek massivida yashovchi fuqaro O‘rmonjon Xudoyberdiyev MIB xodimlarining e’tiborsizligi  oqibatida qariyb ikki yildan buyon tadbirkorlik faoliyatini boshlay olmayotgani, bunga sabab etib 2019-yil 14-iyun kuni o‘tkazilgan yagona elektron savdo maydonchasidan qonuniy sotib olgan “Haqqulobod qurilish savdo kompleksi” MChJga qarashli yer maydoniga kira olmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.


Mazkur maqolada keltirilgan dalillar va ko‘rsatmalar yuzasidan MIB Namangan viloyat boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2020 yil 10 avgustdagi hal qiluv qaroriga asosan fuqaro O‘.Xudayberdiyev manfaati yuzasidan javobgar “Xaqqulobod savdo qurilish kompleksi” MChJning Norin tumani, Haqqulobod shahar, “Yangi tong” MFY, 8-uyda joylashgan binodan majburiy tartibda ko‘chirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Norin tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda davlat ijrochisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan “ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Qaror nusxalari taraflarga yuborilib, qarzdor tomonga ixtiyoriy muddat berilgan.
Mazkur ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida, bir necha marotaba majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan bo‘lsada, qarzdor B.Botirov va uning yaqinlari tomonidan ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatilgan.
Xususan, joriy yilning dekabr oyida Norin tumani sektor rahbarlari (tuman hokimi, prokuror, IIB boshlig‘i va DSI boshlig‘i) hamda boshqa ishtirokchilar bilan hamkorlikda majburiy ijro harakatlari olib borilib, qarzdor va uning yaqinlariga tushuntirish ishlari olib borilgan bo‘lsada, ular tomonidan sud qarori ijrosini ta’minlashdan bosh tortganligi sababli hamda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatli vaziyatlarni oldini olish maqsadida ijro harakatlari keyinga qoldirilgan.  
Bundan tashqari, mazkur sud qarori yuzasidan taraflar sudda nizolashayotganligi sababli ijro harakatlari bir necha marotaba keyinga qoldirilgan.
Ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 2-fevral kuni majburiy ijro harakatlari olib borilgan.
Ushbu kuni olib borilgan ijro harakatlariga qarzdor B.Botirovning turmush o‘rtog‘i Sh.Botirova hamda jamiyat ishchisi N.Isaqovlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, sud qarori ijrosini ta’minlashga to‘sqinlik qilinganligi sababli ijro harakatlari keyinga qoldirilgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan, Sh.Botirova va N.Isaqovlarga nisbatan Byuroning Norin tuman bo‘limi tomonidan 2021-yil 8-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 232-moddasi 1-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur jinoyat ishi hozirda, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 38116-moddasi tartibida ayblov dalolatnomasini tasdiqlash va tegishli sudlov organiga yuborish masalasini hal qilish uchun Norin tuman prokuraturasi yuborilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, har bir tadbirkor manfaati doimo e’tiborda. Shunday ekan bo‘lim ish yurituviga olingan mazkur ish bo‘yicha ijro hujjati ijrosini ta’minlash choralari ko‘riladi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi