Chop etish

Dunyo mamlakatlariga aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni rejalashtirish va uni o‘tkazishda yordam ko‘rsatish maqsadida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevropa ittifoqining statistika xizmati va bir qator a’zo davlatlar ishtirokida tayyorlangan “Evropa statistiklari konferensiyasining 2020 yil raundida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha tavsiyalari” nomli qo‘llanma BMT Aholishunoslik jamg‘armasining texnik ko‘magi asosida Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda dunyoda 200 dan ortiq davlat bo‘lib, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining rasmiy veb-saytida mazkur qo‘llanmaning faqat ingliz, fransuz va rus tillaridagi talqinlari (tarjimalari) joylashtirilgan, xolos. Uning ilk marotaba o‘zbek tiliga tarjima qilinishi va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi yangi O‘zbekistondagi islohotlarning, xususan, aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlarining dunyo hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuksak baholanayotganligi va tan olinayotganligidan dalolat beradi.
Yana bir muhim jihati, o‘zbekcha qo‘llanmaning BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining rasmiy veb-saytida jahon tillaridagi talqinlari bilan yonma-yon turishi esa har birimizga g‘urur bag‘ishlab, ona tilimizning dunyodagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu tavsiyalar mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonlarida ishtirok etuvchilarning bilimini oshirib, tadbirning sifatli o‘tkazilishida muhim rol o‘ynaydi.

 

Namangan viloyati statistika boshqarmasi