Chop etish

Ma’lumki, bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, sha’ni, qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keluvchi yolg‘on ma’lumotlar berish tuhmat hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikga ko‘ra tuhmat qilgan fuqaro ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikga tortilishi qat’iy belgilangan.


Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudida Majburiy ijro byurosi xodimiga tuhmat qilgan fuqaroga nisbatan adolatli jazo tayinlandi.


Aniqlanishicha, 2021 yilning iyun oyida Chust tumanida yashovchi fuqaro O.J. Majburiy ijro byurosi Chust tuman bo‘limi xodimlari u bilan qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni itarib, unga nisbatan tan jarohati yetkazilganligidan norozi bo‘lib, xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat etadi.


Arizada qayd etilgan holatlar yuzasidan Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanadi. O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida to‘plangan hujjatlarga asoslanib, fuqaro O.J. ning badanida biron-bir tan jarohati izlari mavjud emasligi hamda Byuro xodimlari tomonidan Kasb odobnomasi talablari buzilmaganligi aniqlanadi.


Shu bilan birga, xizmat tekshiruv davomida fuqaro O.J. ning yuqoridagi vajlari hamda Byuro xodimlari tomonidan unga nisbatan nojo‘ya  hatti-harakatlar sodir etilganligi o‘zining obyektiv tasdig‘ini topmaydi.
Aksincha, fuqaro O.J. uning oila-a’zolaridan TIF “Milliy bank” Chust filiali foydasiga 15.801.480 so‘m kredit qarzi va 15.610 so‘m pochta xarajatlari undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha 2021 yilning 3 iyun kuni Byuroning Chust tuman bo‘limiga kelib, bu yerda baqir-chaqir qilib, davlat ijrochisi A.I.ni haqorat qilib, cho‘ntak pichog‘i bilan xodimlarga tashlanib, ularni urmoqchi bo‘lganligi holati aniqlanadi.


Mazkur holatlar yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv  yakunlari bo‘yicha huquqbuzar O.J. ning yuqoridagi qilmishi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183 va 40-moddalari bilan kvalifikatsiya qilindi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining 2021 yil 15 iyul kungi qaroriga asosan jarimaga tortildi.

D. Mahmudov,
Majburiy ijro byurosi shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i