2021-yil 7-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqda "Sud Isuzu mashinamizni boshqa shaxsga o‘tkazib berish haqida xukim chiqardi..." sarlavha ostida murojaat chop etilgan. Murojaatda "Boburshoh savdo-sanoat" MChJ 2014 yilda bank krediti asosida Namangandagi salondan Isuzu rusumli yuk mashinasi sotib olgani, ammo 3 yil o‘tib jamiyatga boshqa mashina kelgani, sud yuk mashinani boshqa shaxsga o‘tkazib berish haqida xukim chiqargan. Bundan tashqari, MIB jamiyatga tegishli mashinani topib berilmayotgani bayon etilgan.
Mazkur murojaatda bildirilgan fikrlarni o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qilamiz.


Majburiy ijro byurosi To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining 29.01.2021-yildagi “Samarqand avtomobil zavodi” MChJdan “Boburshoh savdo sanoat” MChJ nomiga kelgan “ISUZU NPR 82L KL5 VAY CNG” rusumli, dvigatel raqami “541455” bo‘lgan, Abdurazoqov Abdulvoxidda saqlanayotgan 50R572LA davlat raqam belgili avtomashinani “Boburshoh savdo sanoat” MChJga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati yuzasidan bo‘lim tomonidan ijro harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 01.02.2021-yilda kelib tushgan va shu kunning o‘zida davlat ijrochisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.
Ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida, qarzdor A.Abdurazoqovning yashash xonadoniga profilaktika inspektori hamda xolislar ishtirokida borib, ko‘zdan kechirilganda, olib berilishi lozim bo‘lgan “ISUZU NPR 82L KL5 VAY CNG” rusumli, dvigatel raqami  “541455” bo‘lgan, 50R572LA davlat raqam belgili avtotransport vositasi yo‘qligi aniqlanib, Qonunning 42-moddasiga asosan davlat ijrosining 17.04.2021-yildagi qaroriga asosan avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, qaror nusxasi ijro etish uchun Namangan viloyat IIB YHXBga yuborilgan.
Namangan viloyat IIB YHXBning 29.05.2021-yildagi  
24/7-2842-sonli ma’lumotnomasiga asosan davlat ijrochisining qaroriga asosan mazkur avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilinib, Namangan viloyat IIB YHXB YPX bataloni, tuman-shahar IIB YHXB boshliqlari, YHX guruhlari katta inspektorlariga xabarnomalar yuborilib, YPX xodimlariga biriktirilgan planshet apparatlariga transport vositasi haqida ma’lumotlar kiritilganligi, avtotransport vositasi harakatlanganligi aniqlangan taqdirda jarima maydonchasiga tortish choralari ko‘rilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilganligi bayon etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining  
16.07.2021-yildagi xatiga asosan ijro varaqasining ijrosi jinoyat ishi Oliy sudda kassatsiya tartibida o‘rganib chiqilgunga qadar to‘xtatilganligi sababli, ijro hujjati ijrosi vaqtincha to‘xtatilgan.
Kelgusida sudning ijro harakatlarini davom ettirish to‘g‘risida ma’lumot taqdim etilganidan so‘ng ijro harakatlari davom ettirilishi ma’lum qilinadi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi