Joriy yilning 3-avgust kuni Norin tumanida yashovchi fuqaro B.J. Majburiy ijro byurosi Norin tuman bo‘limiga aliment masalasida murojaat qilib boradi. Murojaatchi belgilangan tartib bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan qabul qilinadi va muammosi eshitiladi. Biroq, fuqaro davlat ijrochilari uni haqorat qilishganligi va boshqa vajlarni keltirib, xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, huquqni muhofaza qilish organlarining “Ishonch telefoni” orqali murojaat etadi.


Murojaatda qayd etilgan holatlar yuzasidan Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanadi va o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida to‘plangan hujjatlarga asoslanib, fuqaro B.J. ning yuqoridagi vajlari hamda Byuro xodimlari tomonidan unga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilganligi o‘zining ob’ektiv tasdig‘ini topmaydi.
Aksincha, fuqaro B.J. tomonidan 2021-yilning 3-avgust kuni Byuroning Norin tuman bo‘limida hech bir sababsiz baqir-chaqir qilib, turli-xil uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, fuqarolar hamda boshqalarning tinchligi va osoyishtaligini buzganligi holati aniqlanadi.
Shuningdek, surishtiruv organi tomonidan huquqbuzar B.J. ning yuqoridagi qilmishi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining 2021-yil 27-avgust kungi qaroriga asosan, huquqbuzar MJtKning 183-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, rasman ogohlantirildi.
Shu o‘rinda eslatmoqchimizki, fuqarolar davlat organlari va tashkilotlarga murojaat qilishga haqlidir. O‘z o‘rnida Byuro organlarda ham har bir murojaat doimo e’tiborda. Faqatgina qilingan murojaat asosli bo‘lsagina maqsadga muvofiqdir. Aks holda murojaat, unda keltirilgan vajlar tasdig‘ini topmasa qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Buni yuqoridagi holat ham tasdiqlab turibdi.   

Igor Xodjimirzayev,
MIB Namangan viloyati boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik sho‘basi mas’ul xodimi