Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra farzandlar moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagan fuqarolarga nisbatan dastlab ma’muriy qamoq, undan keyin ham xulosa qilmay aliment mablag‘ini to‘lamasa jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.


Fuqaro R.J bir emas  uch marotaba uylanib, turli sabablar bilan ajrashib ketadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning buyrug‘iga asosan birinchi turmush o‘rtog‘i foydasiga  bir nafar, ikkinchi turmush o‘rtog‘ining foydasiga esa uch nafar, uchinchi turmush o‘rtog‘ining foydasiga bir nafar, jami 5 nafar farzandlari uchun voyaga yetgunga qadar oylik ish haqi va boshqa daromadidan aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Yangi Namangan tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va qarzdor otaga nisbatan ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Davlat ijrochisi tomonidan R.J.ga aliment mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lab tushuntirilgan. Biroq, u bunga panja orasidan qarab, 5 nafar farzandlariga surunkasiga aliment to‘lashdan qasdan bo‘yin tovlab keladi. Qarzdorlik esa qo‘shib hisoblaganda salkam 60 mln. so‘mni tashkil etadi.
Qarzdor ota avval ham aliment to‘lamagani uchun dastlab O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi, keyin esa aynan shu moddasining 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
O‘ziga bundan to‘g‘ri xulosa qilmagan qarzdor ota yana farzandlari uchun moddiy ta’minotdan qasddan bo‘yin tovlab keladi. Bu bo‘yicha to‘plangan hujjatlar  sudga yuborilib, yakuniy xulosa chiqarildi. Ya’ni, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 1-qismi bilan aybli deb topilib, 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Dilmurod To‘xtaboyev,
MIB Yangi Namangan tuman bo‘limi boshlig‘i