Majburiy ijro byurosi Mingbuloq tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan soliq idoralaridan kelayotgan hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida kunlik tadbirlarni o‘tkazib kelishmoqda.

O‘tkazilayotgan targ‘ibot va tushuntirishlar, ogohlantirishlarga qaramay hali hanuz soliq qarzdorligini bartaraf etmayotgan jismoniy va yuridik shaxslar uchrab turibdi. Tumandagi “Guliston” muqobil mashina traktor parkidan davlat foydasiga jami 126 mln so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorligi mavjud. Qarzdorlikni undirib berish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Byuroning tuman bo‘limiga kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, ana shu muddat ichida qarzdorlik bartaraf etilmadi. Ish endi majburiy harakatlarga qaratildi. Ya’ni, tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk, bino-inshoot xatlanib, realizatsiya qilish uchun savdoga chiqarildi.
Bugungi kunda bo‘lim ish yurituvida jami 4000 dan ortiq ijro hujjat mavjud. Joriy yilning o‘tgan 8 oyida soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq 1433 ta ijro hujjatlari kelib tushgan. Bo‘limda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan qarzdorlik kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, undirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan 8 oyida olib borilgan majburiy harakatlar davomida salkam 12 mlrd. so‘mlik 760 ta ijro hujjati amalda undirib berildi. Qarzdorlikni bartaraf etmagan 15 ta yuridik shaxslarga tegishli 421 mln. so‘mlik ko‘chmas mol-mulklar xatlanib, elektron savdo maydonchasiga joylashtirildi.

A’zamjon Dehqonov,
MIB Mingbuloq tuman bo‘lim boshlig‘i