Namangan viloyati o‘zining betakror tabiati va boy tarixiy makonlari bilan respublikada o‘z o‘rniga ega maskan. Ayniqsa, qadimiy va navqiron Axsikent Afrosiyob bilan bellasha oladigan arxeologik yodgorlikdir.

Manbalarda yozilishicha, Axsikent shahri eramizdan avvalgi III asrda paydo bo‘lgan. X-XII asrlar Axsikentning eng gullab-yashnagan davri hisoblanib, shahar uch qismdan – ark, shahriston va raboddan iborat bo‘lgan. 1220 yilda mo‘g‘ul qo‘shinlari tomonidan xarobaga aylantirilgan.1620 yilda davomli kuchli zilzila oqibatida aholisining katta bir qismi halok bo‘lgan, omon qolganlar yon atrofga tarqab ketgan, shahar bundan keyin qayta tiklanmagan. Bu shaharning xarobalari hozirgi vaqtda To‘raqo‘rg‘on tumani, Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan.

Viloyatga kelgan mehmonlarning aksariyati albatta bu ochiq osmon ostidagi muzeyni ziyorat qiladi. Bugun AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rosenblum Axsikentga keldi. Elchi janoblari bu yerning tarixi, obidani qayta tiklash va turizm manzilgohiga aylantirish borasidagi rejalar va amaliy harakatlar bilan tanishdi.

Mehmonlarga viloyat hokimining o‘rinbosari, turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon Nuriddinov hamrohlik qildi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati