Joriy yilning 23-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarga fuqaro Ibrohim Nishonov videomurojaat yo‘llab, unda qarzdor J.Sobitxanov kompensatsiya pulini to‘lamayotgani, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘lda-jo‘lda o‘tkazib, ayni paytda ochiqlikda yurganini bayon etgan.


Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Majburiy ijro byurosi Yangi Namangan tuman bo‘limi ish yurituvida jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining
17.03.2021-yildagi qarzdor Sobitxonov Jobirxon Obitxon o‘g‘lidan Nishanov Ismoil foydasiga 44.390.000 so‘m moddiy zarar va
100.000.000 so‘m ma’naviy zarar undirish haqidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 31.05.2021-yilda kelib tushgan va shu kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, nusxasi taraflarga yuborilgan.
Ijro harakatlari davomida, tegishli tashkilotlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorning egaligidagi mol-mulklari mavjud emasligi aniqlangan.
Shuningdek, qarzdor J.Sobitxonovning doimiy yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida ehtiyojdan ortiqcha
mol-mulklari mavjud emasligi aniqlanib, bu haqda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, 2021-yil 30-iyun kuni qarzdor J.Sobitxonov jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotganligi sababli zararni undirish haqidagi ijro hujjatini, O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 67-moddasiga asosan jazo o‘tayotgan muassasaga talabnoma yuborilgan.
Biroq, 2021-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ajrimiga asosan sudlov hay’ati J.Sobitxanovning sodir etgan jinoyati uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirganligi sababli ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, unga nisbatan “munosib hulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat” ehtiyot chorasini qo‘llanilgan.
Mazkur ish Oliy sudning yuqoridagi ajrimiga asosan Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellatsiya instansiyasining 2021-yil 10-maydagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan apellatsiya tartibda ko‘rish uchun yuborilganligi ma’lum qilinadi.

Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi