Shu kunlarda Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning burchimiz!” shiori ostida xodimlar va ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Kecha o‘tkazilgan uchrashuvga boshqarma, tumanlararo, Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Uychi, Namangan tumanlari bo‘limlari rahbar hamda xodimlar,  ularning ota-onalari taklif etilgan bo‘lsa, bugun Kosonsoy, Mingbuloq, Chortoq, Uchqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Chust, Pop, Norin  tumanlarida faoliyat olib borayotgan davlat ijrochilari taklif etildilar.

Uchrashuv avvalida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni aks etuvchi videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i Dilmurod Umaraliyev davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad Byuro organlarida faoliyat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida suiiste’molchilik, poraxo‘rlik va boshqa nojo‘ya hatti-harakatlarni oldini olishga qaratilganini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan Namangan shahar bosh imom-xatibi Musoxon Abbosiddinov  ta’magirlik, poraxo‘rlik kabi illatlar islom dinida qattiq qoralanganini tushuntirib o‘tdi.


Uchrashuvda davlat ijrochilari va ularning ota-onalari so‘z olib, Byuro organlarida xodimlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, ularga javoban faqat munosib ishlashi,  o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishlarini aytib o‘tdilar.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi