Soha faxriylari doimo e’tiborda


Olimjon Rahmonov uzoq yillar ichki ishlar, prokuratura organlarida samarali mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surmoqda. to‘rt nafar farzand, sakkizdan ortiq nabiralar davrasida umrguzaronlik qilayotgan qahramonimiz nafaqaga chiqishdan oldin Byuroning Namangan viloyat boshqarmasida mas’ul lavozimda mehnat qildi. Faoliyati davomida 10 dan ortiq shogirdlarni tarbiya qilgan, sohani yanada ravnaq topishiga xizmat qilgan Olimjon aka doimo e’tiborda, e’zozda. Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” tadbirlari doirasida boshqarmada tashkil etilgan uchrashuvda Olimjon aka bilan o‘tgan muloqot o‘zgacha ruh, samimiyatga yo‘g‘irildi.
Uchrashuvda so‘z olganlar mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga oid islohotlar izchil davom etayotganini alohida ta’kidlashdi.
Birgina, bugungi kunda Byuroning viloyat boshqarmasida ham bu boradagi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Boshqarmada tashkil etilgan “Faxriylar kengashi” tomonidan muntazam ravishda sohadan nafaqaga chiqqan xodimlar holidan xabar olinmoqda.
Uchrashuvda so‘z olgan Olimjon aka Rahmonov yig‘ilganlarga mazmunli umri, mehnat faoliyati, hayotda orttirgan boy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida mehnat faxriysiga boshqarmaning qimmatbaho esdalik sovg‘alari va tashakkurnoma topshirildi.

 

Uychilik ota 50 mln. so‘m aliment mablag‘ini to‘lab berdi


Ma’lumki, sud buyrug‘iga asosan farzandlar moddiy ta’minoti uchun aliment mablag‘larini to‘lab borilishi muhim masala. Ayni paytda Byuro organlari tomonidan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlarning mas’uliyatini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda. Jumladan, Majburiy ijro byurosi Uychi tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan targ‘ibot va tushuntirishlardan so‘ng ota bir yo‘la farzandi voyaga yetgunga qadar bo‘lgan qarzdorlikni to‘liq to‘lab berdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2012 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor Q. U. dan undiruvchi T. N. foydasiga 1 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Uychi tuman bo‘limi ish yurituviga olingan. Qarzdor otaga voyaga yetmagan farzandi uchun aliment mablag‘ni to‘lab borishi tushuntirildi. O‘z farzandi moddiy ta’minoti to‘lanishi mas’uliyatini anglagan ota bir yo‘la 18 yoshga qadar hisoblangan 50 mln. so‘m mablag‘ni to‘lab berdi. Amalda ijro hujjati tamomlandi.
Byuroning tuman bo‘limi tomonidan aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash davom etmoqda.    

Zuhriddin Atamirzayev,
MIB Uychi tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari

 

 

Jamiyatdan fuqaro foydasiga 121 mln. so‘m undirildi


Majburiy ijro byurosi Davlatobod tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida jamiyatdan fuqaro foydasiga 121 mln. so‘m qarzdorlik undirib berildi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2021 yil 16 avgust kunidagi qaroriga asosan “Namangan qurilish monolit” MChJ dan fuqaro Olmurodova Maxfuza foydasiga qarz undirish belgilangan.  Bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan hujjat  ijrosini ta’minlash maqsadida taraflarga ijro ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror nusxalari yuborilgan.
O‘z o‘rnida qarzdor jamiyatga mablag‘ni to‘lab qo‘yish uchun ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, jamiyat belgilangan vaqtda qarzdorlikni to‘lamagani uchun majburiy harakatlar olib borildi. Ya’ni, tegishli tashkilotlarga mol-mulklari, aylanma mablag‘larini aniqlash bo‘yicha xat yuborildi. Bankdagi hisob varag‘iga band solindi. Shundan so‘ng mas’uliyatini his qilgan jamiyat mutasaddilari qarzdorlikni to‘lab berdi. Amalda ijro ishi yakunlandi.

Ayubxon Yoqubjanov,
MIB Davlatobod tumani bo‘limi davlat ijrochisi