Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov, viloyat sektor rahbarlari va huquqni muxofaza qiluvchi idoralar rahbarlari yangi yil oqshomida eng asosiy bayram tadbirlari, xalq sayllari boʻlib oʻtayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istiroxat bogʻi hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parklarida boʻldilar.

Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istiroxat bogʻida yurtdoshlarimiz oʻtgan yilda shukronalik, yangi yilda esa ezgu niyatlar ila oila aʼzolari, yor-doʻstlari bilan birgalikda chinakam madaniy tadbirlar ishtirokchilariga aylandilar. Tungi bezakli yoritgichlar hamma yoqni bayramga chulgʻagan. Yangi yil archasi atrofida viloyat rahbarlari bilan fotosuratga tushgan bolajonlarning ota-onalari dillarida ne-ne ajib tuygʻular kechgan boʻlishi shubhasiz. Xonanda va sozandalarning bayramona qoʻshiqlari-yu musiqalar, ertaklardagi qaxramonlar bayram oqshomiga sehrli kayfiyat olib kirmoqda.

“Afsonalar vodiysi” tematik parkida mamlakatimizda balandligi boʻyicha rekord oʻrnatgan 40 metrli yangi yil archasi qad rostlagan. Turli sahnalardagi bayramona ohanglar, zamonaviy qoʻshiqlar, shoular, attraksionlar ham oʻtgan 2021-yildagi yutuqlardan kirib kelayotgan 2022-yildagi baland marralar sari chorlaydi.

Aziz yurtdoshlar!
Bayram oqshomini oʻz ish joyida qarshi olayotgan fidoiylar!
Barchangizga kirib kelayotgan yangi – 2022-yil muborak boʻlsin! Yangi yilda eng ezgu tilaklaringiz roʻyobga chiqsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, osmonimiz musaffo boʻlsin!

 

Viloyat hokimligi Axborot xizmati