Namanganning oddiy bir qishlogʻidan chiqib, Oʻzbekistonning sport yulduziga aylangan Odil Ahmedov tashkil etgan Toʻraqoʻrgʻondagi “Odil junior” futbol maktabi shuhrat qozonib bormoqda.



- Biz respublikamizning turli shahar va qishloqlarida oʻtkaziladigan musobaqalarga boramiz. Oʻyinlarni kuzatamiz va koʻzga yaqqol tashlangan iqtidorli oʻsmirlarni oʻzimizga taklif etamiz, - deydi murabbiy Qahramon Muhammadjonov.

2009-yilda tugʻilgan va ayni kunda maktabda tarbiyalanayotgan 22 nafar yoshlarga xususiy muassasa boʻlishiga qaramasdan, hamma narsa tekin. Bolalarning isteʼdodi chinakamiga yuzaga chiqib,  mahorati oshgach esa turli sport klublari va akademiyalarga ularni oʻzlariga olish takliflari beriladi.  

Bu yerda sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilinadi. Ayniqsa, hozirgi COVID-19 pandemiyasi xavfi ortib borayotgan bir paytda umumfoydalanishdagi jihoz va buyumlarni oʻz vaqtida zararsizlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

“Odil junior”da  birlamchi muvaffaqiyatlar ham qoʻlga kiritilyapti. Oʻtgan yili 2009-yilda tugʻilganlar oʻrtasida oʻtkazilgan futbol boʻyicha  vodiy birinchiligida eng yuqori oʻrin egallandi. Qolaversa, oʻziga xos nufuzga ega - Toshkent shahar chempionatida, respublika terma jamoalar birinchiligida ham arziydigan natijalarga erishildi.

Yana bir eʼtiborli tomoni, zamonaviy oʻyingohlarga ega futbol maktabida turli viloyatlardan kelgan yoshlardan tashqari, 60 nafarga yaqin mahalliy oʻsmirlarning ham sport bilan muntazam shugʻullanishlari va mahoratlarini oshirishlari taʼminlanmoqda.

 

Viloyat holimligi Axborot xizmati