Maʼlumki, jinoyat kodeksining tegishli moddasiga koʻra, agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani majburiy ijro etish uchun belgilangan muddatlarda toʻlashdan boʻyin tovlasa sud jarimaning toʻlanmagan miqdorini majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirilishi belgilangan.



Aynan Majburiy ijro byurosi Namangan tuman boʻlimi ish yurituvida sudlar tomonidan qoʻllanilgan jinoiy jarimalarni toʻlash bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida tegishli chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda.

  Fuqaro Sh. Q. ga jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tuman sudining 2021-yil 16-iyundagi hukmiga koʻra jinoyat kodeksining turli moddalari bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, 66.900.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Mazkur jarimani undirish Byuroning Namangan tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushadi. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ixtiyoriy muddatda toʻlash boʻyicha imkoniyat beriladi. Biroq, Sh.Q bu imkoniyatni suiisteʼmol qilib, qarzdorlikni bartaraf etmaydi. Ish majburiy  harakatlarga qaratiladi. Ammo, qarzdorda undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan mol-mulk mavjud emasligi tufayli sudga taqdimnoma kiritiladi. 2021-yilning 7-dekabr kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida taqdimnoma qanoatlantirilib, Sh.Q tomonidan toʻlanmagan 66.900.000 soʻm jarima jazosi 1 yil 6 oy 7 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtiriladi. Shundan soʻng, oʻziga toʻgʻri xulosa qilgan mahkum va uning qarindoshlari qarzdorlikni bartaraf etadi va apellatsiya tartibda shikoyat qilib, jarimani toʻliq toʻlagani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilishni soʻraydi.

Apellatsiya sudlov hayʼati shikoyatni atroflicha koʻrib, jarima toʻliq toʻlanganini hisobga olgan holda qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, ozod qilindi.

 

Akmal Ikramov,
MIB Namangan tuman boʻlimi boshligʻi