Majburiy ijro byurosi Yangi Namangan tuman boʻlimi tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aliment bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor oilalarni yarashtirish, aliment toʻlovlarni oʻz vaqtida undirilishi, qarzdorlikni kamaytirishga qaratilgan.


Yangi Namangan tumani xududidagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻtkazilgan navbatdagi boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasiga ish bilan band boʻlmagan aliment toʻlovchilar taklif etildilar. 23 ta turli shakldagi korxona va tashkilotlar oʻzlaridagi 200 ga yaqin ish oʻrinlarni ishtirokchilariga taklif etdilar.

Tadbir davomida 25 nafardan ortiq ishsiz aliment toʻlovchilar uchun korxona, tashkilotlar vakant oʻrinlari, yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Oʻtkazilgan yarmarka yakunlari bilan 10 ga yaqin fuqaro oʻzlariga maqbul boʻlgan korxonalarga yoʻllanma oldilar.

Yana bir muhim jihat. Mahallada oʻtkazilgan targʻibot tadbiri davomida bir necha oilalarni tiklashga ham erishildi. Masalan, fuqarolik ishlari buyicha Namangan tumanlararo sudining
2019-yildagi  ijro varaqasiga asosan qarzdor Rahmatullayev Qobildan undiruvchi Joʻrayeva Muazzamxon foydasiga 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy taʼminoti uchun 1/3 qism mikdorida aliment undirish belgilangan. Tadbirda olib borilgan tushuntirishlardan soʻng oilasi tiklanib, yarashtirilish  taʼminlandi. Umuman olganda, oʻtgan yilning dekabr va joriy yil yanvar oyi oʻtgan davrida boʻlim tomonidan olib borilgan targʻibot tadbirlari davomida 77 ta oilani yarashtirishga erishilgan va ijro hujjatlari ish yurituvdan tamomlangan. Bu kabi tadbirlar boshqa mahalla fuqarolar yigʻinida ham davom etmoqda.

 

Dilmurod Toʻxtaboyev,
MIB Yangi Namangan tumani boʻlimi boshligʻi