Aholi bilan yaqindan muloqot qilish, sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosi bilan bogʻliq muammolarga joyida echim topish maqsadida Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar boʻlimlari tomonidan may oyining har shanba kuni sektorlarda sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Muzaffar Yoʻldoshev Davlatobod tumanining Yuksalish mahallasida istiqomat qiladi. Oiladagi kelishmovchilik sabab turmush oʻrtogʻi bilan ajrashib ketadi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudning buyrugʻi bilan otadan voyaga etmagan farzandi uchun har oyda aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Davlatobod tuman boʻlimi ish yurituviga olingan. Biroq, Muzaffar biror joyda muqim ish bilan band boʻlmagani bois aliment toʻlashda qiynalib kelayotgan edi. Aynan boʻlim tomonidan 1-sektor hududidagi “Yuksalish” mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulda bandlik masalasi boʻyicha murojaat qildi. Mazkur muammo tegishli mutasaddilar bilan joyida oʻrganilib, uni hududdagi ishlab chiqarish korxonasiga ishga joylashtirishga koʻmaklashiladigan boʻlindi.

Darhaqiqat, boʻlim tomonidan “Yuksalish” mahallasida oʻtkazilgan sayyor qabulga 1-sektor hududida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar taklif etildilar. Shu kuni sayyor qabulga tashrif buyurganlar sud va boshqa organlar bilan bogʻliq oʻzlarini qiynayotgan muammolari bilan murojaat qilib, kerakli tavsiyalarni oldilar.

Byuroning Namangan shahar va Chortoq tumanlari boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullarda asosan koʻrib chiqilgan murojaatlarning asosiy qismini aliment qarzdorligini undirish boʻyicha qilingan murojaatlar tashkil etdi. Boshqarma tashabbusi bilan haftaning har shanba kuni tashkil etilayotgan sayyor qabullar fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish imkonini berayotganligi bilan yanada ahamiyatli boʻlmoqda.

Joriy yilning 7 may kuni shahar va tumanlardagi 2- sektor hududidagi 14 ta mahallada boʻlib oʻtgan sayyor qabulda 120 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 30 dan ortigʻi joyida hal etilgan boʻlsa, 72 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolgan murojaatlarni qisqa vaqt ichida hal qilish uchun alohida nazoratga olindi.

Bu kabi sayyor qabullar davom etmoqda.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi