Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi , shahar va tumanlar boʻlimlari jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yilning may oyining oʻtgan davrida sektorlar kesimida oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida 212 nafar fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, joyida hal qilish choralari koʻrildi.

Masalan, Kosonsoy tumanida yashovchi Sh. Yuldasheva aliment qarzdorligini undirib berish yuzasidan sayyor qabulga qilgan murojaatidan soʻng uning ishi qanoatlantirildi. Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudining 2018 yildagi qaroriga koʻra qarzdor I.Abdullaevdan bir nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Kosonsoy tuman boʻlimi ish yurituviga olingan va ijro harakatlari olib borilgan. Biroq, qarzdor ota turli bahonalar bilan farzandi moddiy ta’minotini bermay keladi. Aynan sayyor qabulda Sh.Yuldashevaning murojaati atroflicha koʻrib chiqilib joriy yilning 1 iyun holatiga hisoblangan 30.099.447 soʻm mablagʻ undirib berilishi ta’minlandi.

Umuman olganda, joriy yilning oʻtgan 4 oyi davomida boshqarma va uning hududiy boʻlimlariga jami 5.090 ta murojaatlar kelib tushgan. Tahlillarga koʻra, koʻrib chiqilgan murojaatlarning 2.238 tasi qanoatlantirilgan, 2.394 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. Kelib tushgan murojaatlarning sohalar kesimidagi tahliliga koʻra, 3.468 tasi aliment, 849 tasi qarz va zarar undirish, 5 tasi noqonuniy qurilmalarni buzdirish, 15 tasi chetga chiqish huquqlarini vaqtincha cheklashni bekor qilish, 2 tasi qidiruv, 215 tasi boshqa masalalarni tashkil etgan.

Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha nafar 2.245 shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash bilan birga sud va boshqa organlari hujjatlari asosida salkam 3 mlrd. 902 mln. soʻm mablagʻlarni undirishga erishilgan.

 

MIB Namangan viloyat boshqarmasi