Majburiy ijro byurosi Uychi tuman boʻlimi ish yurituviga olingan yoʻq qilish bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash davomida 598 dona idishdagi, umumiy qiymati 228 mln. soʻmlik boʻlgan “JIBIAR” nomli kalyan tayyorlashda hid beruvchi mahsulotlar belgilangan tartibda yoʻq qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur katta miqdordagi mahsulotlar fuqarolar N. O va N.M. lar tomonidan joriy yilning 2-fevral kuni “Isuzu” rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketilayotganda huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan fosh etilgan. Olib borilgan tezkor surishtiruvlar davomida N.O va N.M lar xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari boʻlmagan mazkur mahsulotni nomaʼlum shaxsdan sotib olishgani maʼlum boʻlgan. “Namangan YPX” maskanida ushlab qolingan mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan va jinoyatni oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holatga koʻra oxiriga yetkaza olmasdan, juda koʻp miqdordagi tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritishga suiqasd qilishgan. Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Namangan viloyat boshqarmasining xulosasiga koʻra 598 dona idishdagi “JIBIAR” nomli kalyan tayyorlashda hid beruvchi mahsulotlar xorij davlatida ishlab chiqarilgani, muvofiqlik sertifikati yoʻqligi sababli realizatsiya qilishga ruxsat etilmasligi koʻrsatilgan. Mazkur holatlar boʻlib oʻtgan sud jarayonlari dalil va isbotini topib, qonunbuzarlarga nisbatan tegishli jazo tayinlangan.

Majburiy ijro byurosi Uychi tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan mazkur hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida yoʻq qilish tadbiri tashkil etildi. Tegishli mutaxassislar ishtirokida mahsulotlar soni yana bir bor koʻzdan kechirilib, Uychi tumanidagi markaziy chiqindixonada belgilangan tartibda yoʻq qilindi va amalda ijro hujjati tamomlandi.
Umuman olganda joriy yilning oʻtgan davrida Byuroning tuman boʻlimi tomonidan jami 10 ta yoʻq qilish bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlanib, umumiy qiymati 226 mln. soʻmlik isteʼmolga yaroqsiz, sifatida kafolatlanmagan tamaki, alkogol mahsulotlar tegishli tartibda yoʻq qilingan.

 

MIB Namangan viloyat boshqarmasi