Chop etish

Prezident Shavkat Mirziyoevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

“Xabaringiz bor, biz xalqimiz bilan maslahat qilib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha keng qamrovli islohotlarni boshladik.

Eng muhimi, oʻtgan 6 yil mobaynida butun jamiyatimiz qayta uygʻondi, odamlarimiz yangicha fikrlash, ishlash va yashashga intilmoqda.

Bugun mana shu demokratik yangilanish jarayonlariga yangicha ruh va shiddat berish, islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish zarurligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz.

Soʻnggi yillarda fuqarolarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yanada takomillashtirish boʻyicha koʻplab taklif va mulohazalar bildirilmoqda.

Xususan, oʻtgan yili Prezident saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash masalasi koʻtarilgan edi.

Saylovchilarimizning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshladi. Qisqa davrda Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi".

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
matbuot kotibi