“Barcha fuqarolarimiz kabi men ham bu muhim jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Aholimiz, jamoatchiligimiz vakillarining konstitutsiyaviy islohotlarga befarq boʻlmasdan, oʻz taklif va mulohazalari bilan faol qatnashayotgani barchamizni quvontiradi.

Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan masaladir.

Shu bois, bugun siz, hurmatli komissiya a’zolari bilan bevosita uchrashib, fikr almashishni zarur, deb hisobladim.

Biz Konstitutsiyani takomillashtirish boʻyicha yangi va juda mas’uliyatli bosqichga qadam qoʻymoqdamiz.

Bugungi kun holatiga koʻra, Komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham konstitutsiyaviy islohotlar obyektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan oʻtkazildi va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan oʻtkaziladi".

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
matbuot kotibi