1 trln. soʻmlik hujjatlar tamomlandi

 

 

 

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unga ommaviy axborot vositalari va internet nashrlar xodimlari, blogerlar taklif etildilar.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Majburiy ijro byurosining Namangan tumanlararo ixtisoslashtirilgan boʻlim faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Darhaqiqat, bugungi kunda boʻlimda ijro hujjatlarining soddalashtirilgan tarzda ijrosini taʼminlash, maʼmuriy jarimalar, soliq qarzini va davlat bojini undirish boʻyicha undiruv qarzdorning yashash joyiga yoki mol-mulki turgan joyga bormagan holda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash yoʻli bilan masofadan turib amalga oshirish choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiligini oldini olgan holda toʻlovlarni qarzdor fuqarolarga boʻlim tomonidan yuborilgan xabarnomada koʻrsatilgan ID raqamlariga “Elektron toʻlov tizimlari orqali” masofadan toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan. Boʻlimda faoliyat olib borayotgan har bir davlat ijrochisi qarzdorga “Call Center” orqali bogʻlanib, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntib borishmoqda. 12 nafar davlat ijrochilari tomonidan qisqa vaqt ichida 1 272 ta 480 mln. soʻmlik ijro hujjatlari amalda tamomlandi.
Shundan soʻng ommaviy axborot vositalari, internet nashrlar xodimlari, blogerlar bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda boshqarma boshligʻi Bekzod Mirzaahmedov Byuroning viloyat boshqarmasi, shahar va tumanlar boʻlimlar tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Xususan, koʻrilgan choralar natijasida joriy yilning oʻtgan davrida 1 trln soʻmlik hujjatlar ijrosi taʼminlangan.
Yangi tartibga koʻra, jinoiy zarar, davlat boji, jinoiy va maʼmuriy jarimalar hamda davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlardan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalariga 12,9 mlrd soʻm undirildi.
Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimidagi 25 ming nafar aliment oluvchi va toʻlovchi haqidagi maʼlumotlar bilan “onlayn” rejimda tanishib borish imkoni yaratildi. Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 32,1 mlrd soʻmlik aliment pullari undirib berilishi taʼminlandi.
Ishsiz aliment toʻlovchilarning 937 nafari ishga joylash-tirilgan, 2.328 ta oilani yarashtirishga erishilgan. Aliment qarzini toʻlamagan qarzdorlarning 19 nafari jinoiy va 402 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Qonunga xilof ravishda ishdan boʻshatilgan 25 nafar shaxs ishga tiklangan, toʻlanmay qolgan 2,3 mlrd soʻmlik ish haqi undirilgan.

Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar sohaga oid savollarga atroflicha javob olishdi.

Tadbir yakunida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha vakillari boshqarmaning tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

 

Turk xorijiy kompaniyaga salkam 52 ming AQSH dollari undirib berildi

Majburiy ijro byurosi Davlatobod tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida xorijiy kompaniyaga salkam 52 ming AQSH dollari miqdoridagi qarzdorlik undirib berildi.
Aniqlanishicha, viloyat iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor jamiyatdan undiruvchi “LGM DIS TIGARAT PARAZLAMA LTD.STI” kompaniyasi foydasiga jami 51.645 AQSH dollari undirib berish koʻrsatib oʻtilgan.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Davlatobod tuman boʻlimi ish yurituviga olinib, qaror qabul qilingan va taraflarga yuborilgan. Amaldagi tartibga koʻra, qarzdor jamiyat berilgan ixtiyoriy muddatda qarzdorlikni bartaraf etmaydi. Ish borib, majburiy harakatga qaratiladi. Yaʼni, qarzdor jamiyatga tegishli tumanning Orzu mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan tikuvchilik mahsulotlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan bino va inshootlarga qaratiladi. Belgilangan tartibga koʻra, xatlangan bino va inshootlar baholanib, elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi orqali sotuvga chiqarildi. Oʻz oʻrnida majburiyatni tushungan qarzdor tashkilot bino-inshootlarni realizatsiya qilish jarayonida qarzdorlikni bartaraf etdi. Boʻlim tomonidan turk kompaniyasiga sud qaroridagi summa undirib berilishi taʼminlandi.

598 dona kalyan tayyorlashda hid beruvchi mahsulotlari yoʻq qilindi

Majburiy ijro byurosi Uychi tuman boʻlimi ish yurituviga olingan yoʻq qilish bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash davomida 598 dona idishdagi, umumiy qiymati 228 mln. soʻmlik boʻlgan “JIBIAR” nomli kalyan tayyorlashda hid beruvchi mahsulotlar belgilangan tartibda yoʻq qilindi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur katta miqdordagi mahsulotlar fuqarolar N. O va N.M. lar tomonidan joriy yilning 2-fevral kuni “Isuzu” rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketilayotganda huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan fosh etilgan. Olib borilgan tezkor surishtiruvlar davomida N.O va N.M lar xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari boʻlmagan mazkur mahsulotni nomaʼlum shaxsdan sotib olishgani maʼlum boʻlgan. “Namangan YPX” maskanida ushlab qolingan mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan va jinoyatni oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holatga koʻra oxiriga yetkaza olmasdan, juda koʻp miqdordagi tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritishga suiqasd qilishgan. Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Namangan viloyat boshqarmasining xulosasiga koʻra 598 dona idishdagi “JIBIAR” nomli kalyan tayyorlashda hid beruvchi mahsulotlar xorij davlatida ishlab chiqarilgani, muvofiqlik sertifikati yoʻqligi sababli realizatsiya qilishga ruxsat etilmasligi koʻrsatilgan. Mazkur holatlar boʻlib oʻtgan sud jarayonlari dalil va isbotini topib, qonunbuzarlarga nisbatan tegishli jazo tayinlangan. Majburiy ijro byurosi Uychi tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan mazkur hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida yoʻq qilish tadbiri tashkil etildi. Tegishli mutaxassislar ishtirokida mahsulotlar soni yana bir bor koʻzdan kechirilib, Uychi tumanidagi markaziy chiqindixonada belgilangan tartibda yoʻq qilindi va amalda ijro hujjati tamomlandi.
Umuman olganda joriy yilning oʻtgan davrida Byuroning tuman boʻlimi tomonidan jami 10 ta yoʻq qilish bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlanib, umumiy qiymati 226 mln. soʻmlik isteʼmolga yaroqsiz, sifatida kafolatlanmagan tamaki, alokogol mahsulotlar tegishli tartibda yoʻq qilingan.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi