Chop etish

2022-yil 23-iyun kuni Muxbir Daliev telegram kanalida “MIB pullarni “aylantiryaptimi?” nomli murojaat chop etilgan. Unda ismini oshkor etmagan fuqaro Majburiy ijro byurosi Uychi tuman boʻlimi xodimlari kredit undiruvi uchun kafillardan 2022-yil yanvar oyidan beri oylik maoshdan yechib olingan 19.000.000 soʻm atrofidagi pullarni haligacha bank hisob raqamiga oʻtkazib berilmaganini bayon etgan.

Mazkur murojaat yuzasidan boshqarma Ishchi guruhi tomonidan atroflicha oʻrganilganda quyidagilar maʼlum boʻldi.

Byuroning Uychi tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan hujjatlar ijrosini taʼminlash mobaynida joriy yilning yanvar va iyun oyining 23 sanasiga qadar depozit hisob-raqamiga kelib tushgan mablagʻlar belgilangan tartib boʻyicha undiruvchilarga yetkazib berilishi taʼminlangan. Xususan, “YATT Mirzamahmudov Bahtiyor Rahimjon oʻgʻliga” olingan kredit qarz undirish boʻyicha kafillardan 2022-yilning 25-martidan 22-iyun sanasiga qadar 16.855.834 soʻm undirilgan. Shundan 14.730.543 soʻm mablagʻ berilgan talabnoma asosida undirilgan va davlat ijrochisini bildirgisiga asosan oʻz vaqtida depozit hisob-raqamdan bank foydasiga oʻtkazib berilgan. 775.291 soʻm ijro yigʻimiga undirilgan. 1.350.00 soʻm esa ixtiyoriy muddatda ijro talabini bajarmagani uchun qoʻllanilgan jarima uchun chiqarilgan.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Byuro ish yurituviga olingan hujjatlar ijrosi boʻyicha undirilgan har bir mablagʻlar boshqarma, shahar va tumanlar boʻlimlari depozit hisob-raqamlarga kirim qilinib, tegishliligi boʻyicha chiqarib beriladi. Boshqarma depozit hisob-raqamlar boʻyicha mutaxassis tomonidan alohida nazoratga olingan va mablagʻlarni kechiktirib chiqarishga aslo yoʻl qoʻyilmaydi.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi