Bugun paxtazorlar oppoq tus olgan. Loʻppi ochilgan paxtalar koʻzni quvontiradi. Tadbirkor fermerlar fidokorona mehnat qilib, barakali xirmon tiklashga zamin yaratishdi. Endigi asosiy vazifa milliy boyligimiz boʻlgan paxtani nest-nobud qilmay, yigʻishtirib olishdan iborat.



Namanganliklar soʻnggi yillarda paxta va don yetishtirishda katta yutuqlar erishyaptilar. Joriy yilda tuman dehqonlari 5 ming 550 gektar paxta maydonida dexqonchilik qilishib, 21 ming 346 tonnalik xirmon yaratishiga bel bogʻlashgan. Quvonarlisi, tuman fermerlar oʻzlarining nimalarga qodir ekanliklarini koʻrsatishmoqda. Ular sidqidildan mehnat qilishib, el hurmatiga sazovor boʻlishyapti. Tuman paxtakorlari ham koʻngillariga yaxshi niyatlarni tugib, yigʻim-terimga birinchilardan boʻlib kirishdilar.

Darhaqiqat, bugun paxtazorlarda hayot qaynaydi. Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov Namangan tumani dalalarida boʻlib, paxta hosilini ochiq kunlarda barvaqt yigʻishtirib olishdek masʼuliyatli ishni borishi bilan tanishdi.

Dastlab tumandagi “Toshbuloq text” klasteri maydonida paxta teruvchi mashina yordamida hosilni yigʻib olish ishlari koʻzdan kechirildi. Ushbu klasterda 890 gektar maydonga paxta ekilgan boʻlib, oʻrtacha 40 sentenerdan hosil olish koʻzlanmoqda.

 

Viloyat hokimligi Axborot xizmati