Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni bilan Byuro huzurida “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilgan edi.

Jamgʻarma mablagʻlari voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment toʻlovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yoʻnaltiriladi. Bunda qarzdorlikni qoplab berish uchun majburiy ijro harakatini amalga oshirgan davlat ijrochisi aliment toʻlovlarini qoplab berish toʻgʻrisidagi qarori asos boʻlib hisoblanadi. Kuni kecha Byuroning Chortoq tuman boʻlimi ish yurituvida boʻlgan hujjat ijrosi doirasida jamgʻarma mablagʻi hisobidan 42.116.832 soʻm qarzdorlik toʻlab berildi.


Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudining 2015-yil 9-apreldagi buyrugʻiga koʻra D.Sottixoʻjayevdan undiruvchi X.Sottixoʻjaveva foydasiga 2 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning Chortoq tuman boʻlimi ish yurituviga olingan va harakatlar olib borilgan. Biroq, qarzdor jami 64 oy davr uchun hisoblangan 42.116.832 soʻm aliment toʻlovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni toʻlamagani uchun dastlab maʼmuriy, undan soʻng esa jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan soʻng ham ijro harakatlari davomida qarzdorlikni undirish samarasiz boʻlgan.

Aynan yangi tashkil etilgan jamgʻarma qarzdor uchun imkoniyat taqdim etdi. Yaʼni, davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdorlik jamgʻarma mablagʻlari hisobidan undiruvchi nomiga ochilgan plastik kartaga oʻtkazib berilishi taʼminlandi.

-Albatta bunday imkoniyat yaratib berilgani uchun rahmat aytaman deydi, qarzdor D.Sottixoʻjayev. Toʻgʻrisi, aliment toʻlovlarni toʻlamay dastlab maʼmuriy, keyin jinoiy javobgarlikka tortildim. Aynan yuzaga kelgan qarzdorlik toʻlab berilgani yana bir manga imkoniyat taqdim etdi. Endi jamgʻarmadan qoplangan aliment toʻlovlari boʻyicha mablagʻni oʻz vaqtida qaytarish uchun mehnat qilaman.

Umuman olganda, boʻlimlar ish yurituvidagi jinoyat natijasida aliment toʻlovlari uchun yetkazilgan zarar undirish bilan bogʻliq jami 107,7 mln. soʻmlik 4 ta ijro hujjati boʻyicha qarzdorlik jamgʻarma hisobidan qoplab berildi.

Hozirda davlat ijrochilari jamgʻarmadan qoplangan aliment toʻlovlari boʻyicha qarzdordan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha ijro harakatlarini amalga oshirmoqda.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi