Bugungi kunda mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatishda turli koʻrinishdagi byurokratik va maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, korrupsiyani oldini olish boʻyicha tizimli choralar olib borilmoqda. Ayniqsa, davlat xizmatlari koʻrsatishda bosqichma-bosqich zamon talablariga mos ravishda inson omilini qisqartirish, qogʻozbozlikka barham berish orqali xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-avgustdagi “Jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunda birinchi navbatda elektron shaklda foydalanish mumkin boʻlgan davlat xizmatlari boʻyicha aholiga qulaylik yaratilgan. Xizmatdan foydalanish tashkilotlardagi uzundan-uzoq navbat kutib turishiga chek qoʻyadi.

Aholiga tushunarli boʻlishi uchun shuni maʼlum qilamizki, mobil–ID tizimi shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.

Shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi foydalanuvchilarga elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra, davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Bunda fuqaro bevosita davlat xizmatlari markazi yoki notarial idoraga murojaat qilganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida fuqaroning yuzi, qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun foydalanuvchi tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face–ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi.

Bunda foydalanuvchi masofadan turib Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanadi hamda elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi.
YAIDXPning mobil ilovasi orqali foydalanuvchini Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkazishda taqdim etilayotgan mobil telefon raqami aynan murojaat qilayotgan foydalanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan boʻlishi zarur.

Davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrgacha bepul, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirgan holda amalga oshiriladi.

Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 177-son qaroriga muvofiq biriktirilgan JSHSHIRga hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi mobil aloqa operatorlari tomonidan berilgan mobil telefon raqamga (hisob balansi faol boʻlgan holda) ega boʻlishi zarur.

Foydalanuvchi bir nechta mobil telefon raqamlariga ega boʻlganda uning tanloviga asosan faqat bir mobil telefon raqami Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtkaziladi.

Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtgandan keyin “Tasdiqlangan foydalanuvchi” maqomini oladi va barcha elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʻladi (kreditlash sohasida koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar bundan mustasno).

Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtishni ishonchnoma asosida yoki vakil orqali amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Yana bir muhim joyi, Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
OneID tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining portal va axborot tizimlariga kirishda foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlash (autentifikatsiya qilish);

Mobil-ID tizimidan foydalanayotgan foydalanuvchining haqiqiyligini tasdiqlash (verifikatsiya qilish);

elektron davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha foydalanuvchilar tomonidan berilgan arizalarni tasdiqlash;

foydalanuvchi oʻzining shaxsiga doir maʼlumotlarni davlat organlari va tashkilotlari “Elektron hukumat” tizimi orqali olganda bu haqida xabarnomalar qabul qilish;

foydalanuvchi oʻzining shaxsiga doir maʼlumotlarini davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari, nodavlat tashkilotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali olishi uchun ruxsat berish;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.

Mobil-ID tizimi orqali xizmatlardan foydalanishda foydalanuvchining Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtgan mobil telefon raqamiga bir martalik unikal kodli SMS-xabar yuboriladi va ushbu kod tizimga kiritilganda xizmatdan foydalanish mumkin boʻladi. Bu orqali tizim foydalanuvchilarining xavfsizligi taʼminlanadi va unga oid maʼlumotlardan foydalanishga roziligi tasdiqlanadi.

Qoida tariqasida Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyaning muddati cheklanmaydi. Faqat shaxs (foydalanuvchi) istalgan vaqtda va oʻz xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXPning mobil ilovasi orqali Mobil-ID tizimidagi identifikatsiyani bekor qilishi mumkin.

Mobil-ID tizimi operatori Adliya vazirligining “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi hisoblanadi.
Adliya vazirligi tomonidan jismoniy shaxslarni Mobil-ID tizimida identifikatsiyalashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha axborot tizimi ishlab chiqilib, ishga tushirilganligi maʼlum qilinadi.

Qisqa qilib aytganda, Mobil-ID tizimi aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Davlat xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi xalqaro reytinglarda esa Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga xizmat qiladi.

Adhamjon RAPIQOV,
Namangan tuman Adliya boʻlimi
Davlat xizmatlari markazi boʻlimi boshligʻi