Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasida
11-noyabr Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unga tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlar taklif etildilar.

Tadbirda boshqarma boshligʻining oʻrinbosari B.Nasriddinov, Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmatlari xodimlari kasaba uyushmasi Namangan viloyat kengashi raisi B.Nuriddinovlar yigʻilganlarni bayram bilan tabriklab, bugungi kunda kasaba uyushmalari mamlakatimizda ishchi-xodimlarni huquq-manfaatlarini himoya qilish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash hamda ularning munosib mehnat qilib, dam olishiga alohida eʼtibor qaratayotgani haqida soʻz yuritdi.


Byuroning Namangan viloyat boshqarmasi boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarni taʼminlash, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratish, yozgi oromgohlar, sanatoriylarda sogʻlomlashtirish hamda sport tadbirlari oʻtkazib kelinayotgani eʼtirof etildi. Xususan, sana munosabati bilan sportning shaxmat-shashka turi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada xodimlar bellashdilar.

Tadbirda sohada mehnat qilayotgan faol ishchi-xizmatchilar boshqarma boshligʻining, shuningdek Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmatlari xodimlari kasaba uyushmasi Namangan viloyat kengashining tashakkurnomasi va sovgʻalari bilan taqdirlandilar.


MIB Namangan viloyat boshqarmasi