Namangan viloyati hokimi SH.SH.Abdurazakovning Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining 34-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi yuzasidan

KIRISH SO‘ZI

 

Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!

Sessiya ishtirokchilari, viloyatimiz faollari!

 

Kuni kecha, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev parlamentga va xalqimizga murojaatnoma yo‘lladilar.

Jonli efirda uzatilgan ushbu tarixiy voqeani butun O‘zbekistonimiz, Oliy Majlis va Hukumat aʼzolari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, hududlarda mahalliy kengash deputatlari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va jamoatchilik vakillari, O‘zbekistonning

33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok etdi.

Hurmatli Prezidentimiz Murojaatnomada o‘tayotgan yil yakunlarini sarhisob qilib, O‘zbekistonning kelgusi davrdagi rivojlanish istiqbollarini oltita ustuvor yo‘nalish asosida belgilab berdilar.

O‘zbekiston global notinchlik va iqtisodiy mavhumlik sharoitida ham ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat borasidagi saʼy-harakatlarini davom ettirishi, ijtimoiy taʼminot masalalari ustida ishlashni to‘xtatmasligini taʼkidladilar.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni katta yangilanishlar va o‘zgarishlar olib kelishiga urg‘u berib, davlat boshqaruvi tizimini vazirliklardan quyi pog‘onagacha keng ko‘lamli isloh qilinishini eʼlon qildilar.

Bu bilan davlat apparati harakatchanligini oshirishga, ijro hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini yuksaltirishga erishilishi eʼtirof etildi.

2023 yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilinishi O‘zbekiston o‘z fuqarolari manfaatlarini yuksak o‘ringa qo‘yayotganining yana bir yorqin dalili bo‘ldi.

O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga – Yangi O‘zbekiston qurish yo‘liga dadil qadam qo‘yayotganini taʼkidlar ekanlar, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotgani, aholimiz soni 36 milliondan oshgani va har yili safimizga yangi avlod salmoqli hissasi qo‘shilib borayotgani, ushbu katta va inoq oilaning har bir aʼzosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz ishlashimizga kuch-quvvat tilab, ustuvor vazifa sifatida belgilab berdilar.

Bugun insoniyat nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirayotgan, xalqaro munosabatlarda jiddiy xavf solayotgan xavf-xatarlardan bezovta bo‘lib, sodir bo‘layotgan noxush vaziyatlar barchamizni xushyor va ogohlikka, bebaho neʼmat – tinchiligimizni asrab-avaylashimizga to‘xtaldilar. 

Yakuniga yetayotgan g‘oyat murakkab va sinovli joriy yilda to‘plagan tajribamiz Taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishilishi haqidagi haqiqatni isbotlab berayotgani sir emas.

Bu borada “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi” g‘oyasi ilgari surildi.

Inson qadri, insonni eʼzozlash – eʼtiborimizdagi eng asosiy masala ekan va Prezidentimiz belgilab bergan Yangi O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlaridagi rivojlanish istiqbollariga to‘xtalar ekanmiz:

Birinchi yo‘nalish – Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish;

Ikkinchi yo‘nalish – Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish va buni Konstitutsiyada mustahkamlash;

Uchinchi yo‘nalish – Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilash;

To‘rtinchi yo‘nalish – Global muammoga aylanib borayotgan ekologiya, tabiiy resurslar, jumladan, suv masalalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirish;

Beshinchi yo‘nalish – Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash;

Oltinchi yo‘nalish – Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilash.

Mazkur yo‘nalishlar har biri ortida mashaqqatli mehnat tursada, ularni birma-bir, aniq, manzilli va o‘z navbatida mablag‘i bilan yechimlarini sodda qilib tushuntirib berdilar.

Pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishgan yutuqlarimiz qanchalik yuqori bo‘lmasin, mamlakatimizning xalqaro nufuzi nechoqlik ortib bormasin, ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi O‘zbekistonni bunyod etishdir.

“Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani ilgari surib, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida ish tutishimiz kerakligi taʼkidlandi.

 

Birinchi yo‘nalish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

Yangi maʼmuriy islohotlar to‘g‘risidagi Farmonga muvofiq, birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi masʼuliyati oshiriladi, bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytirilib, ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ beriladi.

Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi va eng avvalo, vazirlik va idoralar soni keskin (61 tadan 28 taga) kamaytiriladi, davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi, iqtisod qilinadigan mablag‘lar esa ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi;

pirovardida vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi.

Maʼmuriy islohotlarning ikkinchi bosqichida hududlardagi boshqaruv tizimi ham isloh qilinadi, davlat lavozimlariga faqat konkurs asosida ishga qabul qilinadi, barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab boriladi, tuman va shahar hokimligiga yuqori lavozimlarda ishlagan bilimli va tajribali kadrlar qo‘yiladi, har bir hokim tashabbus ko‘rsatib, xususiy investitsiyalarni jalb qiladi va bular ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifa sifatida eʼtirof etildi.

Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish maqsad qilinayotgan ekan, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish zarur masala ekani qayd etildi.

Bunda:

birinchidan, eʼtibor Biz uchun eng katta investitsiya bo‘lgan taʼlimni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi, taʼlim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzi oshiriladi, muallimlarning sharoitlari yaxshilanadi, o‘quvchilarni kasb-hunarlarga, sanʼat va madaniyatga qiziqtiriladi, ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlash o‘rgatiladi, maktab taʼlimi xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilinadi, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanishni joriy qilinadi, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkaziladi;

ikkinchidan, oliy taʼlim muassasalari va talabalarga imtiyoz va preferensiyalar beriladi, ilm-fan va innovatsiyalarga alohida eʼtibor qaratiladi;

uchinchidan, sog‘lom hayot tarzi yo‘lga qo‘yiladi, aholiga birlamchi tibbiy xizmatlar yanada yaqinlashtiriladi, onalar va bolalar salomatligi muhofaza qilinadi;

to‘rtinchidan, investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi, mahallaga budjet mustaqilligini bosqichma-bosqich beriladi, aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega bo‘lishi yuzasidan amaliy choralar ko‘riladi;

beshinchidan, jamoat transportidagi vaziyat hamda yo‘lovchi tashish sifati yaxshilanadi.

Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

Bu borada:

birinchidan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida sud-huquq tizimida adolat o‘rnatiladi, odil sudlovni taʼminlash, odamlarimizni joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham berish chorlari ko‘riladi

ikkinchidan, davlat hisobidan bepul taʼminlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini to‘liq ishga tushirilishi taʼminlanadi, himoyachi vakolatlari kengaytiriladi;

uchinchidan, huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratiladi, ayrim protsessual vakolatlarga (tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga) sanksiyani prokurordan sudga o‘tkaziladi;

to‘rtinchidan, tergov sifatini oshirish tizimli choralari ko‘riladi, vaqtincha ushlab turish joylarida barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi;

beshinchidan, maʼmuriy sudlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqiladi, O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudi tashkil qilish choralari ko‘riladi.

Bunda deputat va senatorlar, mahalliy kengashlar ham aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishlari, har bir deputat o‘zining okrugidagi budjet hisobidan bo‘layotgan qurilishlar, yo‘llarni, har oyda borib ko‘rib, buyurtmachi va pudratchidan sifatni talab qilishini taʼminlash orqali sunʼiy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha bo‘shliqlarga barham berish talab etiladi.

To‘rtinchi yo‘nalish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

birinchidan, hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor yerlar qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash kabi jiddiy ekologik, ayniqsa, suv masalalari kabi global muammolar hal etish choralari ko‘riladi;

ikkinchidan, tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablar kuchaytiriladi;

uchinchidan, suv xo‘jaligi tizimi isloh qilinadi, suv xo‘jaligi obʼektlari raqamlashtiriladi, yirik nasos stansiyalari DXSH asosida modernizatsiya qilinib, muqobil energiyaga o‘tkaziladi va suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltiriladi;

to‘rtinchidan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuchaytiriladi;

beshinchidan, yer munosabatlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligida islohotlar davom ettiriladi, ekin yerlarni aholiga dehqonchilik qilish uchun berib va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratilib, sohada bandlikni, jon boshiga daromadni oshirish natijasida dehqon xo‘jaligini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish orqali qishloqlardagi ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasi hal etiladi.

Beshinchi yo‘nalish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

birinchi galda, iqtisodiy islohotlar davom ettiriladi;

xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanib, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash jadallashtiriladi;

ikkinchi galda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlik qisqartirilib, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etilib, ularni mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi;

keyingi galda, toifalardan kelib chiqib tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar ajratiladi, biznesga soliq yukini kamaytirish ishlari davom ettiriladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish, nazorat qiluvchi va ruxsat beruvchi idoralar faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish choralari ko‘riladi;

navbatdagi galda, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona maʼmurchiligi isloh qilinadi, barcha davlat idoralarida tadbirkorlarga servis xizmati ko‘rsatishni baholash tizimi joriy qilinadi;

kelgusi galda, iqtisodiyotni barqaror rivojlanishi uchun energiya resurslaridan samarali foydalanish, sohada islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish, yirik loyihalarni yakuniga yetkazish va “yashil energiya”ga o‘tish choralari ko‘riladi.

Oltinchi yo‘nalish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

birinchidan, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalar ko‘paytiriladi;

ikkinchidan, metallurgiya, kimyo, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligidagi yirik loyiha va dasturlar amalga oshiriladi;

uchinchidan, xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, fuqarolarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lishini, ular o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lishlarini, chinakam xalqchil IPO bo‘lishini taʼminlash choralari ko‘riladi.

to‘rtinchidan, “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi doirasida Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish bo‘yicha ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtirish va eksport hajmi orttirish masalalari hal etiladi.

 

Yana bir muhim masala:

Eʼtiboringizni maʼmuriy islohotlar doirasida ilgari surilgan yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman:

Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar 7 taga yetgan bo‘lsada, poytaxtimiz bilan bir qatorda Namangan shahri ham aholi soni bir millionga yetayotgan yirik shahar yoki sanoat, tadbirkorlik, taʼlim va madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini topib, Respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinda ekanligini hurmatli Prezidentimiz alohida eʼtirof etib o‘tganlari bilan barchangizni tabriklamoqchiman.

Ushbu iliq eʼtirofda barchangizni hissangiz bor, albatta. Shu bilan birga bu yuksak eʼtirof bizga qo‘shimcha vazifalar yuklaydi.

Namangan shahrini alohida maʼmuriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazilishi va poytaxtimiz Toshkent shahri bilan bir qatorda “o‘ziga tortuvchi markazlar”dan biri bo‘lishi, shaharni rivojlantirish dasturi ijrosi uchun bevosita Bosh vazir masʼul bo‘lishi, jon boshiga daromad va ish joylarini ko‘payishi olib kelishi, tumanlarimizni rivojlantirishga ham turtki bo‘lishiga ishonaman.

 

Hurmatli deputatlar va faollar!

Biz asosiy eʼtiborimizni hurmatli Prezidentimiz oldimizga qo‘yib bergan ushbu ustuvor vazifalarni hamjihatlikda bajarish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz va barchangizga qarata qaytarib aytmoqchiman:

eng bebaho oliy neʼmat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylik!

O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb biladigan, uning ravnaqi uchun hissa qo‘shib kelayotgan har bir Namanganlik bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va ardog‘ida bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, barchangizni va Siz orqali butun viloyatimiz aholisini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, oilangizga qut-baraka, oilaviy baxt tilayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!

 

Eʼtiboringiz uchun raxmat!