Avval xabar berganimizdek, 27-29-oktyabr kunlari Namangan shahrida joylashgan “Afsonalar vodiysi” tematik parkida  II - “XALQARO ASAL FESTIVALI” boʻlib oʻtadi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston fermer, dexqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov soʻzga chiqishdi.

Mazkur festivalda qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston respublikalari, Rossiya federatsiyasidan jami 100 dan ortiq asalarichilik bilan shugʻullanib kelayotgan tadbirkorlar va ekspertlar qatnashmoqdalar.

Festivalning asosiy maqsadi oʻzaro hamkorlik va doʻstlikni mustahkamlash, shuningdek, asalarichilik sohasida xalqaro tajriba almashuv platformasini yaratish, asalarichilikka innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda sanoatlashtirish hamda dunyoda shu yoʻnalish rivojlangan Rossiya, Qozogʻiston va Ukraina kabi yirik 10 talik davlatlar ichidan joy olishdir.

Festival doirasida imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam taʼminlangan oilalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan xotin-qizlarga 1000 kg miqdoridagi asalni bepul tarqatiladi. Tadbir viloyatda ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada rivoj topishida oʻz samarasini beradi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati