Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 47-moddasining 2-qismiga koʻra, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi deb mustahkamlab qoʻyilgan.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasida xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi belgilab berilgan.

Mazkur Qonun talablariga asosan davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan qarori, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Bunda yetkazilgan zararning oʻrni egalik qiluvchiga toʻliq qoplanishi kerak.
Davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan qarori, shu jumladan, yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishi mulkdorning roziligi bilan qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini buzib tashlash toʻgʻrisidagi qarori faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda qabul qilinadi. Tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi va yer uchastkasining hamda olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining huquq egasi oʻrtasida tuziladigan, yer uchastkasi olib qoʻyilishi munosabati bilan beriladigan kompensatsiyaning miqdori, turi va uni berish muddati nazarda tutiladigan kelishuv majburiy ravishda notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Koʻchmas mulk obyektini buzib tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektining mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud boʻlgan taqdirda esa sud qarorida belgilangan jismoniy va yuridik shaxslarning zararlari, shu jumladan boy berilgan foydasi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari qoplanganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
Yer uchastkasini olib qoʻyish va uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qoʻporib tashlash toʻgʻrisidagi qaror aholi punktlarining bosh rejalariga, shuningdek turar joy dahalari hamda kichik dahalarini batafsil rejalashtirish va qurish loyihalariga muvofiq qabul qilinadi.

Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qoʻporib tashlashga zararning oʻrni bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻla qoplanmagunga qadar yoʻl qoʻyilmaydi.
Zero, sudlarning asosiy maqsadi fuqarolarimizning Konstitutsiyamizda mustahkamlangan mulkiy huquqlarini ishonchli himoya qilishdan iboratdir.

Raxmonxon Yaxyoxujayev,
Namangan viloyat sudinig fuqarolik
ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi