«Axborot texnologiyalari, raqamlashtirish sohasida Namanganda katta salohiyat bor. Mahalliy dasturchilarimiz tashqi bozorga chiqib, xizmatlar eksportini amalga oshirishmoqda. Ular ortidan borayotgan yoshlar koʻp. Biz shu imkoniyatlarni birlashtirish yoʻlida yanada katta natijalarni qayd etishimiz lozim», - Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov etakchi AyTi kompaniya rahbarlari, dasturchi-frilanserlar bilan ochiq muloqot qildi.

Unda viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 60 dan ortiq AyTi soxasi vakillari ishtirok etdilar.

- Kichik sanoat etarli darajada rivojlandi. Bizga yangi yoʻnalishlar kerak. Diversifikatsiya lozim. Bunda albatta AyTi soha drayver boʻlishi kerak. Buning uchun bizda etarli sharoit, eng muhimi yuqori intellektli inson omili mavjud, - dedi viloyat rahbari.

Ishtirokchilar sohani rivojlantirish boʻyicha takliflarini oʻrtaga tashlab, duch kelayotgan muammolarini ochiq bayon etdilar. Viloyat rahbari murojaatlarni tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirib, ijroni nazoratga oldi.

Muloqotdagi fikr-mulohaza, takliflardan kelib chiqqan holda viloyatda faoliyat koʻrsatuvchi barcha etakchi AyTi kompaniyalarni Namangan AyTi-Parkiga joylashtirish, bu manzilni haqiqiy qaynoq nuqtaga aylantirish lozimligi ta’kidlandi.

Startaplarni qoʻllash uchun alohida jamgʻarma tashkil etish va kreativ gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli mas’ullarga topshiriq berildi.

Viloyat hokimining tashabbusi bilan shu formatdagi uchrashuvlar bir oyda bir marta oʻtkaziladigan boʻldi.