Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan “Elektron hukumat”ni joriy qilish, hududlarda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlari sonini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 2016 yilda hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan.

Joriy yilning 10-11 noyabr kunlari “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokida hududiy manzilli dasturlar asosida joylarda yaratilgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalari bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi “Kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonalarining rahbarlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Taqdimot davomida muvaffaqiyatli joriy etilgan axborot tizimlariga alohida to‘xtalib o‘tildi va ushbu tizimlarni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Shuningdek, tadbir davomida mamlakatimiz hududida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning muhim jihatlari, oldimizda turgan vazifalar, bu bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish, 2017 yil uchun yangi loyihalar ishlab chiqish, ushbu vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralarning joylardagi hududiy boshqarmalari, mahalliy tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda ishlash yuzasidan zarur fikrlar, taklif va mulohazalar bildirildi.

manba: www.egovernment.uz