Chop etish

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi va boshqa dasturlarning ijro etilishi yuzasidan deputatlik nazorati samaralari: yutuqlar, muammolar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi.

Senatorlar, Namangan Andijon va Farg‘ona viloyatlari xalq deputatlari Kengashlari  deputatlari, hokimliklar tashkiliy-nazorat guruhi rahbarlari, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhlari a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan  yig‘ilishda qayd etilganidek, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, bunda hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi hamda vakillik hokimiyatining vakolatlari va nazorat vazifalarining rolini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar natijasida mahalliy Kengashlar ishi sifat jihatidan ijobiy tomonga o‘zgarib, vakillik organlari faoliyatining samaradorligi ortmoqda.

Shuningdek, mahalliy vakillik organlarining qonuniy vakolatlari kengayib,  joylardagi dolzarb masalalarni hal etishdagi roli kuchayayotgani islohotlar natijadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2014 yilning 1 yanvaridan amalga kiritilgan  O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq  deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining byudjet  sohasidagi vakolatlari aniq belgilab berildi. Mazkur kodeksga muvofiq mahalliy Kengashlar mahalliy byudjetlarni qabul qilish bilan birga ularning tegishli davrdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarning har chorakda ko‘rib chiqish vakolatiga ham ega bo‘ldi.  Bundan tashqari, 2014 yil 21 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun, 2015 yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar  kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonunlariga muvofiq xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari yanada kengaytirildi.

- Mahalliy Kengashlar ana shu o‘zgarishlardan kelib chiqib, o‘z faoliyatiga yangi uslublarni tatbiq etmoqda,-deydi xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati Nargiza Muhammadiyeva. – Masalan, viloyat Kengashimizda haftaning dushanba kuni “Deputatlar kuni” deya, e’lon qilinib,  unda ma’lum bir doimiy komissiya  hudud ijtimoiy - iqtisodiy faoliyati bilan bog‘liq dastur bo‘yicha hisobotini taqdim etmoqda.  Unda natijalar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish vazifalari belgilab olinayotir.

Seminarda mahalliy vakillik organlarining nazorat faoliyatini tashkil etishining huquqiy asoslari, jumladan, keyingi paytlarda qonunchilikka kiritilgan yangi normalarni amalga oshirish mexanizmlari xususida so‘z bordi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari mahalliy Kengashlar deputatlarining “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi va boshqa dasturlar ijrosi ustidan olib borayotgan faoliyati ham muhokama qilindi. Ayni jarayonda erishilgan natijalar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar tahlil etildi. Unda, jumladan, mahalliy Kengashlar qonuniy vakolat va imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmayotganligi, ularning davlat va hududiy dasturlar hamda boshqa qonun hujjatlari ustidan nazorati yetarli emasligi, siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining o‘z vakolatlarini ro‘yobga chiqarishida muayyan kamchiliklar  mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirda mahalliy Kengashlar nazorat faoliyatini takomillashtirish, bunda siyosiy partiyalar deputatlik guruhlarining rolini kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, seminar chog‘ida bayon etilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar va ularni ro‘yobga chiqarish mexanizmlari belgilab olindi.

Axborot xizmati