O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari viloyatlarda bo‘lib, o‘z missiyasilaridan ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar doirasida faoliyatini davom ettirmoqda.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchisi Yevgeniy Kozyak  6-Namangan saylov okrugidagi bir qator saylov uchastkalarida vatanimiz kelajagiga dahldor muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.

– Kuzatuv missiyasi tarkibida O‘zbekistonda beshinchi marta saylov jarayonlarini kuzatyapman, – deydi Ye.Kozyak.  – Shu nuqtai nazardan mamlakatingizda saylov instituti tobora takomillashib borayotganligini  ta’kidlashim joiz. Bu safar ham Prezident saylovini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilayotganiga viloyatdagi bir qator saylov uchastkalarida faoliyati misolida guvoh bo‘ldim.

Saylov uchastkalari qanday tashkil etilgani, ularning saylov jarayoniga tayyorgarlik holati, mazkur jarayonda ilk bor qatnashayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni o‘rganib chiqdim. Saylovchilar ro‘yxati ko‘zga ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilgan. Mamlakatingizda fuqarolarning saylov huquqini ta’minlash maqsadida xalqaro talablarga to‘la javob beradigan mustahkam tizim yaratilgan. Barcha sohalarni izchil demokratlashtirish doirasida milliy saylov qonunchiligi ham takomillashtirilmoqda. Saylovga tayyorgarlik ishlari barcha norma va standartlarga muvofiq tashkil etilgan, saylov uchastkalari zarur texnika vositalari bilan jihozlangan.

Saylov uchastkalarida ona va bola, tibbiyot xonalarining tashkil qilingani, nogironlar uchun maxsus yo‘laklar qurilgani, ko‘zi ojizlarning ovoz berishi uchun brayl alifbosida byulletenlar tashkil qilingani, oilaviy ovoz berish oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan profilaktika ishlari, uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun maxsus o‘quv-seminarlari o‘tkazilayotgani diqqatga sazovor. Bu O‘zbekistonda izchil davom ettirilayotgan demokratik islohotlarning samarasidir. Bu, ayniqsa, saylovchilarning saylovlarga nisbatan faol munosabatlarida yanada yorqinroq ko‘zga tashlanadi.

 Ye.Kozyak Namangan shahridagi 2791 nafar, jumladan 50 nafardan ziyod birinchi marta ovoz berayotgan yoshlar ro‘yxatga olingan 114-saylov uchastkasida bo‘lib, komissiya a’zolarining ish tartibi, saylovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.