Chop etish

Namangan tumanidagi «Element paint» mas’uliyati cheklangan jamiyati lok-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Yaqinda bu yerda 1 milliard so‘m investitsiya evaziga nihoyasiga yetkazilgan loyiha ijrosi bilan bo‘yoqlarning yangi turlarini tayyorlash o‘zlashtirildi. Ayni chog‘da «Atlas» brendi ostida ellikdan ortiq turda lok-bo‘yoq va boshqa qurilish-pardoz ashyolari ishlab chiqarilmoqda.

Yangilik amalga oshishi bilan korxona tashqi iqtisodiy munosabatlarga ham kirishdi. Jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalaridagi ishbilarmon doiralar bilan 200 ming AQSh dollariga teng shartnomalar imzolandi. Yaqin kunlar ichida uning 30 ming AQSh dollari qiymatidagi dastlabki turkumi Qirg‘izistonga jo‘natiladi.

- Texnologik jarayonlar komputerlashgan zamonaviy uskuna va dastgohlar yordamida amalga oshirilmoqda, - deydi MChJ rahbari Akmalxon Ahmadjonov. – Ularni yetti nafar ishchi boshqaryapti. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida buyurtmachilarga 512 tonna yoki 2,5 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot yetkazib berdik.

Aytish kerakki, kichik biznes sub’yektlarining buyurtmalar portfeli izlanishlar samarasi o‘laroq yangidan-yangi shartnomalar bilan to‘lib boryapti. Ular orasida Buxoro aeroporti, Namangandagi «Maxsus metall sanoat» MChJ, mamlakatimizdagi bir qator yo‘lsozlik korxonalari bor.

Axborot xizmati