Chop etish

Bugun Chortoq tumanida o’zgacha kayfiyat hukmron. Boisi, tuman ahli O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga munosib nomzodga ovoz berish, o’z fikrini erkin ifoda etish va konstitutsion huquqidan foydalanish uchun oshiqmoqda.

Shuni alohida qayd etish joizki, tumanda 50 ta saylov uchastkasi bo’lib, 118 ming 535 nafar saylovchi ro’yxatga olingan. Soat 9-00 da ularning 26 foizdan ko’prog’i ovoz berib bo’ldi. Bu ularning mazkur jarayonga befarq emasligi, o’zining ovozi shu yurt taqdiri uchun alohida ahamiyatga ega ekanini his etib turganidan dalolatdir.

Tumanda namunali bo’lgan 532-saylov uchastkasida ovoz berish jarayoni uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Bu haqda uchastka saylov komissiyasi raisi Mirzarahmat Qozoqov shunday deydi:

- Uchastkamiz Oromgoh mahallasi hududidagi «Chortoq sanatoriysi» klubida joylashgan. Hududimizda 2550 nafar saylovchi ro’yxatdan o’tgan bo’lib, shulardan 63 nafarini 1-marta ovoz berayotgan yoshlar tashkil etadi. 51 nafar keksa va nogironlarning xonadonlariga tashrif buyurib, ovoz berishlarini ta’minlaymiz.

E’tiborli jihati, sanatoriyda hozirda dam olayotgan 120 nafar dam oluvchidan 85 nafari mana shu saylov uchastkasida ro’yxatdan o’tgan va shu yerda ovoz berishyapti. Ularning har biri yashayotgan hudud bilan bog’lanib, belgilangan tartib-qoidalar asosida ularning saylovda ishtirokini ta’minlayapmiz. Mana, hozir ertalabki 8-00 dayoq 255 nafar saylovchi, ya’ni 10 foizdan ortiqrog’i ovoz berishdi. 4 ta partiyaning vakillari – kuzatuvchilar o’z vazifalarini bajarishyapti.

- Toshkent viloyatining O’rtachirchiq tumanidan oilaviy – to’rt kishi dam olgani kelganmiz, - deydi hozirgina ovoz berib bo’lgan sihatgoh dam oluvchisi Gulnoza Salihova. - . Bu yerdagi shart-sharoitlardan mamnunmiz. Dam olishimiz saylov jarayoniga to’g’ri kelgani uchun ham shu yerdagi 532-saylov uchastkasida ro’yxatdan o’tdik va o’zimiz tanlagan munosib nomzodga ovoz berdik.

Chindan ham, bugun tuman ahlining dilida bitta maqsad – shu yurt uchun, shu xalq uchun bor kuch-g’ayratini, kerak bo’lsa, jonini fido etadigan munosib nomzod uchun, yurt tinchligi va obodligi, farovonligi uchun ovoz berish!

6-Namangan okrug saylov komissiyasi matbuot markazi