Har bir inson yangi yilni bir olam orzu umidlar og‘ushida qarshilaydi. Lekin, bolajonlar uchun bu bayramning gashti-yu sehri o‘zgacha. Yangi yil kayfiyati pok niyatli namanganliklar qalblarini ezgu maqsadlar bag‘riga cho‘mdirgan bu lahzalar murg‘ak qalb egalari uchun ham shodiyonalarga boy o‘tmoqda.

Viloyat markazidagi Alisher Navoiy nomli musiqali drama teatrida bolajonlar uchun tashkil etilgan “Prezident archasi” bayram dasturi kichkintoylar uchun unutilmas onlarni hadya etdi. Mazkur tadbirga viloyatdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va xizmat vaqtida halok bo‘lgan davlat organlari  xodimlarining farzandlari taklif etildi. Tantanali kechada namoyish etilgan turli chiqishlar, ertak qahramonlari bolajonlarga zavqu-shavq ulashdi. Bayramona bezatilgan archa atrofida she’r-u qo‘shiq aytib quvnashdi.

Kichkintoylar tabassumi bilan yanada fayzga to‘lgan tadbirda viloyat hokimi  X.Bozarov so‘zga chiqib, mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom avlod tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni  alohida e’tirof etdi va kichkintoylarni yangi yil bilan qutladi. Shuningdek, tadbirda Namangan shahar hokimi B. Bekho‘jayev,  viloyat xalq ta’lim boshqarmasi boshlig‘i V. Rajabov ishtirok etdilar. Kecha so‘ngida  X.Bozarov bayram ishtirokchilariga Prezident sovg‘alarini topshirdi.

Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.

Axborot xizmati