Chop etish

Yurtimizda ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Zamonaviy ko‘rinishdagi bino va inshootlar shahar-u qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlamoqda.

Ayniqsa, yoshlarimizning jismonan baquvvat, ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar tahsinga sazovor. «Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon ushbu harakatlarning asosi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.Viloyatimizda ham farmon ijrosi doirasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi yil arafasida Chust tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida yangi bunyod etilgan suzish havzasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamg‘arma tomonidan ajratilgan salkam uch milliard so‘mlik mablag‘ evaziga qurilgan yangi bino chustlik sportsevar yoshlarga munosib sovg‘a bo‘ldi. Mazkur maskan Kosonsoy tumanidagi Sharofiddin Xalilov rahbarligidagi «Kosonsoy qurilish servis» xususiy korxonasi quruvchilari sa’y-harakatlari bilan bunyod qilindi. -Mamlakatimiz qudrati kundan-kunga oshmoqda,- deydi mehnat faxriysi Jo‘raxon ota Isoqov.-O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov «o‘zbek yoshlari hech kimdan kam bo‘lmaydi» deb bejiz aytmagan edilar. Darhaqiqat, yoz oyida Jenevada o‘tkazilgan xalqaro Olimpiadada o‘zbek yoshlari buning amaldagi isbotini ko‘rsatib berishdi. Olimpiada g‘oliblari orasida chustlik Murodjon Ahmadaliyev va Nozimaxon Qayumovalarning borligidan faxr- iftixorga to‘ldik. Yosh sportchilar nomidan so‘zga chiqqan chustning yana bir farzandi , sportning stol tennisi bo‘yicha o‘n karra O‘zbekiston chempioni Muzayyana Muhammadjonova jahon andozalari darajasidagi sport anjomlari va jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan mazkur maktabdan respublika sha’nini munosib himoya qiladigan yangi chempionlar yetishib chiqishidan umidvorligini aytdi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi X.Bozarov ishtirok etdi. Inshoot qurilishida faol ishtirok etgan quruvchilarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Axborot xizmati