Chop etish

Namangan shahar madaniyat kollejida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, O’zbekiston Ekologik harakati Namangan viloyat hududiy bo’linmasi bilan hamkorlikda 16-sentyabr – Butunjahon ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag’ishlangan davra suhbati va rasmlar tanlovi tashkil etildi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni  muhofaza qilish boshqarmasi ma’sul xodimlari, Namangan Davlat Universiteti professor o’qituvchilari talaba yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, ozon qatlamini himoya qilish borasidagi ishlar  haqida so’z yuritildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha inson oziq-ovqatsiz besh hafta, suvsiz besh kun, havosiz esa besh daqiqa yashashi mumkin. Shunday ekan,  havo tiriklikning eng muhim unsurdaridan biridir. Havoning tarkibiy qismlaridan birini tashkil qiluvchi rangsiz, hidsiz gaz kislorod esa tabiatda eng ko’p tarqalgan element hisoblanib, u bilan tirik organizmlarning hammasi nafas oladi. Ilmiy til bilan aytganda, kislorod molekulasi ikki atomdan tashkil topgan. Biroq, tabiatda kislorodning ko’rinish shakli o’zgargan, yana bir turi borki, ushbu o’tkir hidli modda Ozon gazi deb ataladi. Atmosferaning ozon qatlami kurrai zaminimizda hayot mavjudligining eng muhim shartlaridan biridir.

-Atmosferada mavjud ozon miqdori uch milliard tonna bo’lib, u havoning milliondan uch foizini tashkil etadi, deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassisi Abdulhamid Bobomirzaev. Bu qatlam quyoshning taxminan 90 foizidan ziyod miqdoridagi zararli ulьtrabinafsha nurlarini yutadi. Natijada esa u yerdagi barcha tirik organizmlarni asrab qoladi.

So’nggi vaqtlarda ozon qatlamining yemirilishi bilan bog’liq turli ekologik muammolar paydo bo’lmoqda. Aynan buning oldini olish maqsadida butunjahonda keng ko’lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, mamlakatimizda ham yerning ozon qatlamini muhofaza qilish masalalari ustuvor yo’nalishlari qatoriga kiradi. 1993 yildan beri O’zbekiston Respublikasi Monreal protokolining a’zo tomoni hisoblanadi.

Davra suhbati davomida yurtimizda ozon qatlamini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar, Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan me’yoriy-huquqiy xujjatlar ijrosi, ozonni yemiruvchi moddalardan bosqichma-bosqich voz kechish yo’lidagi tadbirlar haqida fikr-mulohazalar yuritildi. Tadbir mobaynida mutaxassislar tomonidan o’quvchilarning savollariga javob qaytarildi. Shuningdek, o’quvchi yoshlar o’rtasida rasmlar tanlovi o’tkazildi va yakunda ishtirokchilar esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.

Axborot xizmati