Mamlakatimizda biznes yuritish uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani bois dunyoning ko’plab davlatlari bilan, xususan, Janubiy Koreya va O’zbekiston  o’rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib bormoqda. Bu borada viloyatimizda ham muhim kelishuvlarga erishilmoqda.

Viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov Janubiy Koreyaning “Jungsung Construction Co., Ltd” qurilish kompaniyasi rahbari Kim Sang Kyu bilan uchrashdi. X. Bozarov mehmonni viloyatimizga tashrifi bilan qutlab, koreyalik bunyodkorlar ishtirokida yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Kim Sang Kyu samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ayni masalada o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Tomonlar Namangan shahrida “Jungsung Construction Co., Ltd” qurilish kompaniyasi tomonidan yangi barpo etiladigan turar-joy massivlari, mehmonxona va savdo ob’yektlarining loyihasi va qurilishiga oid masalalarni muhokama qildilar. Qurilajak  binolarning shaharsozlik qoidalari asosida qad rostlashi va zamonaviy qiyofa kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov va Janubiy Koreyaning “Jungsung Construction Co., Ltd” qurilish kompaniyasi rahbari Kim Sang Kyu Hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Uchrashuvda “Jungsung Construction Co., Ltd” qurilish kompaniyasi menedjerlari Choi Myangvan, Vu Jongsan ishtirok etdilar.

Axborot xizmati