Pop tumani Tojikiston Respublikasining Asht tumani (So‘g‘d viloyati) bilan chegaradosh. Tarixi, urf-odat va an’analari mushtarak ikki xalq o‘rtasida birodarlik, bordi-keldi, quda-andachilik munosabatlarining poydevori juda mustahkam. Sobiq ittifoq parchalangach, o‘zaro qo‘shnichilik cheklanganday bo‘lsa-da, bu o‘tkinchi va muvaqqat edi, albatta. “Pop” nazorat o‘tkazish punktining qaytadan ish boshlashi ana shu fikrning yorqin dalilidirki, dillarni-dillarga yanada mahkamroq bog‘ladi.
Mazkur maskanning ochilish marosimi ko‘hna do‘stlikning namoyishiga aylandi. Unga tashrif buyurgan tojikistonlik mehmonlar, namanganlik tojik millatiga mansub vatandoshlarimiz, ikki mamlakatning jamoatchilik vakillari va yoshlari karnay-surnay sadolari ostida bir-birlariga quchoq ochdilar.
Tantanada Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev, Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonov, So‘g‘d viloyati raisining o‘rinbosari Anvar Yoqubiy, Asht tumani raisi Mirdado Zarif Mirmuhammadiy va boshqalar azaldan qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan o‘zbek va tojik xalqi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning sa’y-harakatlari bilan yangicha asoslarda mustahkamlanayotgani, “Pop” nazorat o‘tkazish punkti faoliyatining qayta tiklanishi yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yuksaltirishda xayrli va muhim yana bir qadam ekanini alohida ta’kidladilar.
Ikki xalq vakillari uchrashuvidagi shodiyona barchaning ko‘ngliga olam-olam quvonch bag‘ishladi, tojikcha va o‘zbekcha kuy-qo‘shiqlar tantanali marosimni yana ham tarovatga to‘ldirdi.